Jon achchigʻi
Toʻgʻridan-toʻgʻri Xudoga murojaat qilib, Ayub ayb nima ekanini soʻraydi. Uni sutdek quygan va teri bilan kiyintirgan qoʻllar endi uni sherdek ovlamoqda. U zulmat yurtiga ketishidan oldin bir lahza yolgʻiz qoldirilishini soʻraydi, xolos.
10 1“Oʻz hayotimdan bezdim. Shikoyatimga erk beraman; jonimning achchigʻidan soʻzlayman. 2Xudoga aytaman: Meni mahkum etmagin; nega men bilan daʼvolashayotganingni bildirgin. 3Zulm qilish Senga yoqadimi, Oʻz qoʻllaring ijodini xor qilib, yovuzlarning fitnalariga jilmayib boqasanmi? 4Koʻzlaring et koʻzlari kabimi? Foniy inson koʻrganidek koʻrasanmi? 5Kunlaring foniy insonning kunlari kabimi, yoki yillaring odam bolasining yillari kabimi, 6aybimni axtarib, gunohimni taʼqib etishing uchunmi, 7aybsiz ekanimni bilsang-da, qoʻlingdan meni qutqara oladigan hech kim yoʻq-ku?
8“Qoʻllaring meni shakllantirib yaratdi, butun vujudimni, endi esa yuz oʻgirib, meni yoʻq qilyapsan. 9Meni loy kabi qolipga solganingni eslagin. Endi meni tuproqqa qaytarasanmi? 10Meni sut kabi quymadingmi, pishloq kabi ivitmadingmi, 11meni teri va et bilan kiydirmadingmi, suyak va paylar bilan meni toʻqib chiqmadingmi? 12Sen menga hayot va sodiq sevgini ato etding, gʻamxoʻrliging esa ruhimni asrab keldi.
13“Ammo buni yuragingda yashirib qoʻygan eding, bilaman, bu Sening niyating edi: 14agar gunoh qilsam, meni kuzatib turarding va aybimdan meni oqlamasding. 15Agar aybdor boʻlsam, holimga voy boʻlsin! Aybsiz boʻlsam ham, boshimni koʻtara olmayman — shunchalik uyatga toʻlib, iztirobimga choʻmganman. 16Boshimni baland tutsam, meni sherday ovlaysan va yana menga qarshi moʻjizalar koʻrsatasan. 17Menga qarshi yangi guvohlarni keltirasan va gʻazabingni ustimga battar toʻkasan; ketma-ket kelgan balo toʻlqinlari menga hujum qiladi.
18“Unda nega meni ona qornidan chiqarding? Birorta koʻz meni koʻrmasidan oldin oʻlib ketganimda edi. 19Goʻyo hech qachon mavjud boʻlmagandek boʻlardim, toʻppa-toʻgʻri ona qornidan qabrga olib ketilardim. 20Kunlarim sanoqli emasmi? Mendan yuz oʻgirgin, meni yolgʻiz qoldirgin, toki bir lahza taskin topay, 21qaytib boʻlmas joyga ketishimdan avval, zulmat va qop-qorongʻu soya oʻlkasiga, 22eng qorongʻu tun kabi zulmat oʻlkasiga, qop-qorongʻu soya va tartibsizlik yurtiga, u yerda hatto yorugʻlik ham zulmat kabidir.”