Shohning toʻy kuni
Ayol sevgan yorini qorong'i shahar bo'ylab izlaydi, qorovullardan so'raydi, so'ng uni topib, onasining uyiga olib bormaguncha qo'yib yubormaydi. Keyin boshqa ovozlar Sulaymonning qo'riqlangan aravasi yaqinlashib kelayotganini kuzatadi: shoh to'y kunida toj kiygan.
3 1Tun boʻyi oʻrnimda qalbim sevgan yorni izladim; uni izladim, lekin topolmadim. 2Endi turib, shaharni — koʻchalar va maydonlarni aylanib chiqaman; qalbim sevgan yorni izlayman. Uni izladim, lekin topolmadim. 3Shaharni aylanib yurgan qorovullar meni topishdi. “Qalbim sevgan yorni koʻrdingizmi?” 4Ulardan endigina oʻtgan edimki, qalbim sevgan yorni topdim. Uni mahkam ushlab oldim va onamning uyiga, meni dunyoga keltirgan onaning xonasiga olib kelmagunimcha, uni qoʻyib yubormadim. 5Sizlarga qattiq tayinlayman, ey Quddus qizlari, dala jayranlari va ohulari haqi: sevgini oʻz vaqti kelmaguncha qoʻzgʻatmang ham, uygʻotmang ham.
6Biyobondan tutun ustunlariday koʻtarilib kelayotgan bu kim? Mirra va ladan bilan, savdogarning har xil muattar kukunlari bilan xushboʻylangan? 7Mana — bu Sulaymonning oʻz taxtiravoni, uning atrofida Isroil bahodirlaridan oltmishta bahodir, 8Ularning bari qilich tutgan, jangga oʻrgatilgan; har biri tungi dahshatga qarshi qilichini beliga osgan. 9Shoh Sulaymon oʻziga Lubnon yogʻochidan taxtiravon yasatdi. 10Uning ustunlarini kumushdan, suyanchigʻini oltindan, oʻtirgʻichini argʻuvondan yasadi; ichki qismini Quddus qizlari mehr bilan bezashdi. 11Chiqinglar, ey Sion qizlari, shoh Sulaymonga boqinglar — boshida onasi uning toʻy kunida, qalbi shod boʻlgan oʻsha kunda kiygizgan toj bilan.