Sende nuqson yoʻq
Erkak ayolning har bir a'zosini birma-bir maqtaydi, uni kelinim va singlim deb ataydi, unda hech bir nuqson yo'q, deydi. U qulflangan bog', muhrlangan buloq, faqat unikidir. Oxirida ayol javob beradi: shamolni chaqirib, o'sha bog'ni o'zi ochadi.
4 1Naqadar goʻzalsan, sevgilim, naqadar goʻzalsan! Chimmating ortidagi koʻzlaring kaptarlardek. Sochlaring Gilad togʻ yonbagʻirlaridan oqib tushayotgan echkilar suruvidek. 2Tishlaring yuvinishdan chiqib kelayotgan, yangi qirqilgan sovliqlar suruvidek; har biri egizak tuqqan, ularning birortasi bolasiz emas. 3Labing qip-qizil ipdek, ogʻzing goʻzaldir. Chimmating ortidagi yonoqlaring anor boʻlaklaridek. 4Boʻyning Dovud minorasidek, tosh qatorlaridan qurilgan; unga mingta qalqon osilgan, har biri jangchining qalqoni. 5Ikki koʻksing jayronning egizaklari boʻlgan ikki ohu bolasidek, nilufarlar orasida oʻtlayotgan. 6Kun nafas olib, soyalar qochguncha, mirra togʻiga va xushboʻy tutatqi tepaligiga boraman. 7Boshdan-oyoq goʻzalsan, sevgilim; sende hech nuqson yoʻq.
8Men bilan Lubnondan kel, kelinim; men bilan Lubnondan kel. Omano choʻqqisidan, Senir va Hermon choʻqqisidan, sherlar inidan, qoplonlar makon qurgan togʻlardan pastga qara. 9Dilimni asir qilding, singlim, kelinim; koʻzlaringning bir qarashi bilan, marjoningning bir donasi bilan dilimni asir qilding. 10Sevging naqadar goʻzal, singlim, kelinim! Sevging maydan qanchalar afzal, atirlaringning hidi har qanday ziravordan-da afzal! 11Labingdan shahd tomadi, kelinim; tiling ostida asal va sut bor, libosingning hidi Lubnon hididek.
12Singlim, kelinim qulflangan bogʻdir, qulflangan buloq, muhrlangan chashmadir. 13Shoxlaring eng sara mevalar bilan toʻla anor bogʻidir, xina va nard, 14nard va zaʼfaron, igʻir va dolchin, har xil daraxt bilan — xushboʻy tutatqi, mirra va aloe, barcha eng aʼlo ziravorlar bilan. a a v14 Igʻir — ziravor sifatida ishlatiladigan xushboʻy, muattar qamish. 15Sen bogʻ chashmasisan, tirik suv qudugʻi, Lubnondan oqib tushayotgan irmoqlarsan. 16Uygʻon, shimol shamoli, kel, janub shamoli! Bogʻim uzra es, toki uning ziravorlari taralsin. Sevganim oʻz bogʻiga kirib, eng sara mevalaridan yesin.