Vahiy boʻlmagan joyda
Hukmdorlar, jahl va bolalar haqida. Solihlar ravnaq topsa, xalq quvonadi, fosiqlar hukmronlik qilsa, xalq nola qiladi. Ahmoq butun gʻazabini toʻkib soladi, shoshqaloq gapiruvchi esa ahmoqdan ham battar. Vahiy boʻlmagan joyda xalq jilovsiz boʻladi.
29 1Qayta-qayta tanbeh berilsa-yu, quloq solmaydigan kishi toʻsatdan sinadi, unga shifo topilmaydi. 2Solihlar ravnaq topganda, xalq quvonadi, ammo fosiqlar hukmronlik qilganda, xalq nola qiladi. 3Donolikni sevadigan kishi otasini quvontiradi, ammo fohishalarga hamroh boʻlgan oʻz boyligini sovuradi. 4Adolat bilan shoh yurtga barqarorlik baxsh etadi, ammo poraga oʻch kishi uni vayron qiladi. 5Oʻz yaqiniga xushomad qiladigan kishi uning oyoqlariga toʻr yoyadi. 6Yovuz odam oʻz gunohiga ilinadi, ammo solihlar qoʻshiq aytib, quvonadi. 7Solihlar kambagʻallarning haq-huquqidan gʻamxoʻrlik qiladi, ammo fosiqlar bunday tushunchaga ega emas. 8Masxarabozlar shaharni alangaga buraydi, ammo donolar gʻazabni tinchitadi. 9Dono odam ahmoq bilan sudlashganda, ahmoq gʻazablanib, masxara qiladi, tinchlik boʻlmaydi. 10Qonxoʻrlar beaybni yomon koʻrib, toʻgʻri odamni oʻldirishga intiladi. 11Ahmoq butun gʻazabini toʻkib soladi, ammo dono uni tutib, oʻzini bosib turadi. 12Agar hukmdor yolgʻonga quloq solsa, uning barcha amaldorlari fosiq boʻlib qoladi. 13Kambagʻal bilan zolimda shu umumiylik bor: Otamiz ikkovining koʻziga ham nur beradi. 14Agar shoh kambagʻallarni insof bilan hukm qilsa, uning taxti abadiy mustahkam boʻladi. 15Tayoq va tanbeh soʻzi donolik beradi, ammo oʻz holiga tashlab qoʻyilgan bola onasini uyatga qoldiradi. 16Fosiqlar ravnaq topganda, yomonlik ham avjiga chiqadi, ammo solihlar ularning halokatini koʻradi. 17Oʻgʻlingni tarbiyalab tur, u senga tinchlik beradi; u qalbingni quvontiradi. 18Vahiy boʻlmagan joyda xalq tiyiqsiz boʻlib ketadi, ammo qonunga rioya qiladigan kishi baxtlidir. 19Qulni yolgʻiz soʻz bilan tuzatib boʻlmaydi; u tushunsa ham, boʻysunmaydi. 20Gapirishda shoshadigan odamni koʻrdingmi? Undan koʻra ahmoqqa koʻproq umid bogʻlasa boʻladi. 21Qulni bolaligidan erka qilib boqsang, oxiri u merosxoʻrdek boʻlib qoladi. 22Jahldor odam janjal chiqaradi, qiziqqon kishi esa koʻp gunoh qiladi. 23Insonning manmanligi uni past qiladi, ammo kamtar ruhli kishi izzat topadi. 24Oʻgʻrining sherigi oʻz joniga dushmandir; u laʼnatni eshitadi, ammo hech narsa demaydi. a a v24 “Laʼnat” — jinoyatni koʻrgan har bir kishidan oldinga chiqib, guvohlik berishni talab qiladigan ommaviy qasamdir. 25Odamdan qoʻrqish tuzoq qoʻyadi, ammo Otamizga tayangan kishi omonda qoladi. 26Koʻpchilik hukmdorning marhamatini izlaydi, ammo inson uchun adolat Otamizdan keladi. 27Adolatsiz odam solihlar uchun jirkanchdir, toʻgʻri inson esa fosiqlar uchun jirkanchdir.