Barcha odamlar uchun ibodat
Pavlus avvalo hamma uchun, jumladan, shohlar uchun ham ibodat qilinishini soʻraydi, chunki Otamiz barcha odamlarning najot topishini istaydi va yagona vositachi — Iso Masih hamma uchun Oʻzini berdi. Soʻngra erkaklar gʻazabsiz ibodat qilishlari, ayollar esa kamtarona kiyinishlari, jimgina oʻrganishlari va taʼlim bermasliklari kerak.
2 1Eng avvalo, barcha odamlar uchun iltijolar, ibodatlar, shafoatlar va shukronalar aytilishini qattiq tavsiya qilaman, 2podshohlar va barcha hokimiyat egalari uchun ham — toki biz toʻla taqvodorlik va vazminlik bilan tinch, osoyishta hayot kechiraylik. 3Bu — Najotkorimiz boʻlgan Otamizga maʼqul keladigan yaxshi ishdir. 4U barcha odamlarning najot topishini va haqiqatni bilib yetishini istaydi. 5Chunki yagona Ota bordir, Ota bilan insoniyat oʻrtasida esa yagona vositachi bor — U inson boʻlmish Iso Masihdir. 6U hammani qutqarish uchun Oʻzini toʻlov qilib berdi. Bu guvohlik oʻz vaqtida berildi. 7Shu maqsadda men voiz va havoriy etib tayinlandim — rost gapiryapman, yolgʻon aytmayapman — xalqlarga imon va haqiqatni oʻrgatuvchi muallim boʻldim. 8Har joyda erkaklar gʻazabsiz va janjalsiz, muqaddas qoʻllarini koʻtarib ibodat qilishlarini istayman.
9Shuningdek, ayollar hayo va oʻzini tutish bilan munosib kiyinsinlar; sochlarini oʻrib bezash, oltin, marvarid yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, 10balki Otamizga ixlos qoʻyganini eʼtirof etadigan ayollarga yarashganidek, ezgu ishlar bilan bezansinlar. 11Ayol toʻla itoat bilan, sukut saqlab oʻrgansin. 12Ayolning taʼlim berishiga yoki erkak ustidan hokimlik qilishiga yoʻl qoʻymayman; aksincha, u sukut saqlasin. 13Chunki avval Odam Ato, soʻngra Momo Havo yaratildi. 14Odam Ato aldanmadi, lekin ayol aldanib, gunohkor boʻldi. 15Lekin agar ular imon, sevgi va muqaddaslikda, oʻzini tutish bilan sobit tursalar, ayol farzand koʻrish orqali najot topadi. a a v15 Olmosh asl matndagidek “u”dan “ular”ga oʻzgaradi — bu, ehtimol, shu fazilatlarda davom etadigan ayollarni umuman nazarda tutadi.