Sevgida tarafkashlik yoʻq
Boy odamni yaxshi joyga, kambagʻalni yerga oʻtqazish jamoatni yomon niyatli hakamga aylantiradi, holbuki Otamiz kambagʻallarni imonda boy boʻlishga tanlagan. Och birodarini faqat soʻz bilan toʻydiradigan imon oʻlikdir.
2 1Ey birodarlarim, ulugʻvor Rabbimiz Iso Masihga imon keltirgan ekansizlar, odamlarga tarafkashlik qilmanglar. 2Faraz qilaylik, yigʻiningizga barmogʻiga oltin uzuk taqqan, chiroyli kiyim kiygan bir kishi kirib keldi, kambagʻal, juldur kiyimli bir odam ham kirib keldi. 3Agar yaxshi kiyingan kishiga eʼtibor berib: “Siz mana bu yaxshi joyga oʻtiring”, — desangiz-u, kambagʻalga esa: “Sen anavi yerda tur” yoki “Oyogʻim yonida, yerda oʻtir”, — desangiz, 4oʻzaro tarafkashlik qilib, yomon niyatga ergashadigan hakamlarga aylangan boʻlmaysizlarmi? 5Eshitinglar, ey suyukli birodarlarim: Otamiz bu dunyoning kambagʻallarini imonda boy boʻlishlari uchun, Oʻzini sevganlarga vaʼda qilingan Shohlikning merosxoʻrlari boʻlishlari uchun tanlamadimi? 6Lekin sizlar kambagʻalni hurmat qilmadingizlar. Boylar sizlarni ezmayaptimi, sudlarga sudramayaptimi? 7Ustingizga qoʻyilgan oʻsha ulugʻ nomni haqoratlayotganlar ular emasmi?
8Agar siz Muqaddas Bitikdagi: “Yaqiningni oʻzingday sev”, — degan shohona qonunga chindan amal qilsangiz, yaxshi ish qilasiz.
9Ammo tarafkashlik qilsangiz, gunoh qilgan boʻlasiz va qonun sizlarni qonunbuzarlar sifatida aybdor deb topadi. 10Kimki butun qonunga rioya qilib, bitta nuqtada qoqilsa, butun qonunni buzganlikda aybdor boʻladi. 11Chunki zinoni man qilgan Otamiz qotillikni ham man qilgan. Shunday ekan, zinodan saqlanib, qotillik qilsangiz, qonunbuzar boʻlasiz. 12Ozodlik qonuni asosida hukm qilinadigan odamlarday gapiring va ish tuting. 13Rahm koʻrsatmagan kishiga hukm rahmsizdir; rahm esa hukm ustidan gʻolib keladi.
Amal qiladigan imon
14Ey birodarlarim, agar kimdir amalsiz imonga egaman desa, bundan nima foyda? Oʻsha imon uni qutqara oladimi? 15Faraz qilaylik, bir birodar yoki singil yupun kiyingan va kundalik taomga muhtoj boʻlsa, 16sizlardan biri ularga: “Tinchlik bilan boringlar, isib, toʻyib yuringlar”, — desa-yu, tanasining ehtiyojlari uchun hech narsa bermasa — bundan nima foyda? 17Shu kabi, imon ham, agar amal bilan birga boʻlmasa, oʻzicha oʻlikdir. 18Lekin kimdir: “Sening imoning bor, mening esa amalim bor”, — deydi. Amalsiz imoningni menga koʻrsat, men esa imonimni amallarim orqali koʻrsataman. 19Sen Otamiz yagona ekaniga ishonasan; yaxshi qilasan. Jinlar ham bunga ishonishadi — va qoʻrquvdan titrashadi. 20Ey nodon, amalsiz imon befoyda ekanini senga isbotlab berishimni istaysanmi? 21Ota-bobomiz Ibrohim oʻgʻli Isʼhoqni qurbongohda qurbon qilib taqdim etganda, amallari tufayli oqlanmadimi? 22Koʻryapsanmi, imon uning amallari bilan birga ish qilgan va imon amallari bilan kamolga yetgan. 23Shunday qilib, Muqaddas Bitikdagi: “Ibrohim Otamizga ishondi va bu unga solihlik deb hisoblandi”, — degan soʻz bajo boʻldi va u Otamizning doʻsti deb ataldi. a a v23 Ibrohim shunchaki Otamizga ishonuvchi emas edi — u Uning doʻsti deb atalgan edi. Otamiz bizni nega izlashining mohiyati ana shunda: Oʻzidan qoʻrqadigan xizmatkorlar uchun emas, balki Oʻzini biladigan doʻstlar uchun. 24Koʻryapsizmi, inson faqat imon bilangina emas, balki amallar bilan oqlanadi. 25Xuddi shunday, fohisha Rahab ham elchilarni qabul qilib, ularni boshqa yoʻldan joʻnatib yuborganida, amallari tufayli oqlanmadimi? 26Ruhsiz tana oʻlik boʻlgani kabi, amalsiz imon ham oʻlikdir.