Isroil Shomuil uchun motam tutadi
Nabal cho'ponlarini qo'riqlagan Dovudning odamlarini haqorat qiladi va Dovud xonadondagi har bir erkakni o'ldirish uchun qilichini taqadi. Abigayl oziq-ovqat bilan yo'lga chiqib, uni tinchlantiradi: Otamiz uni taxtga boradigan yo'lida qon to'kish aybidan saqlamoqda. Nabal o'ladi.
25 1Shomuil vafot etdi. Butun Isroil yigʻilib, uning uchun motam tutdi va uni Ramadagi uyida dafn etdi. Shundan soʻng Dovud yoʻlga chiqib, Poron choʻliga tushib bordi.
2Maonda bir kishi bor edi, uning Karmilda mol-mulki bor edi. U juda badavlat edi: uch ming qoʻyi va ming echkisi bor edi. U Karmilda qoʻylarining junini qirqayotgan edi. 3U kishining ismi Nobol, xotinining ismi Abigayil edi. Abigayil aqlli va goʻzal ayol edi, Nobol esa qoʻpol va muomalada shafqatsiz edi. U Xolib naslidan edi. 4Dovud choʻlda ekan, Nobol qoʻylarining junini qirqayotganini eshitdi. 5Dovud oʻnta yigitni yuborib, ularga shunday dedi: “Karmilga boringlar. Nobolning oldiga borib, mening nomimdan unga salom beringlar. 6Unga shunday denglar: «Umringiz uzoq boʻlsin! Sizga tinchlik, xonadoningizga tinchlik, butun mol-mulkingizga tinchlik boʻlsin!» 7Eshitishimcha, jun qirquvchilaringiz bor ekan. Choʻponlaringiz biz bilan birga edilar; biz ularga hech qanday ziyon yetkazmadik, ular Karmilda boʻlgan vaqtlarining davomida hech narsani yoʻqotmadilar. 8Yigitlaringizdan soʻrang, ular sizga aytib beradilar. Shunday ekan, yigitlarim koʻz oʻngingizda iltifot topsinlar, chunki biz bayram kunida keldik. Iltimos, qoʻlingizdan nima kelsa, qullaringizga va oʻgʻlingiz Dovudga bering.”
9Dovudning yigitlari borib, bu soʻzlarning hammasini Dovudning nomidan Nobolga aytdilar, soʻngra kutib turdilar.
10Nobol Dovudning xizmatkorlariga javob berdi: “Dovud kim oʻzi? Yesey oʻgʻli degani kim? Bugungi kunda koʻp qullar oʻz xoʻjayinlaridan qochib ketmoqda. 11Nonimni, suvimni, jun qirquvchilarim uchun soʻygan goʻshtimni olib, qayerdan kelganini bilmaydigan odamlarga beraymi?”
12Shunday qilib, Dovudning yigitlari ortga qaytdilar va yetib kelgach, bu soʻzlarning hammasini unga aytib berdilar.
13Dovud odamlariga: “Har biringiz qilichingizni taqib olinglar!” — dedi. Har biri qilichini taqib oldi, Dovud ham. Taxminan toʻrt yuz kishi Dovudning ortidan ketdi; ikki yuz kishi esa yuklar oldida qoldi.
14Yigitlardan biri Nobolning xotini Abigayilga shunday dedi: “Dovud choʻldan xoʻjayinimizga salom berish uchun elchilar yubordi, lekin u ularni haqorat qildi. 15Bu odamlar bizga juda yaxshilik qildilar. Ular bizga hech qachon ziyon yetkazmadilar, biz ular bilan dalalarda yurgan vaqtimizning davomida hech narsani yoʻqotmadik. 16Qoʻy boqib, ular bilan boʻlgan vaqtimizning davomida ular kechayu kunduz bizning atrofimizda devor boʻlib turdilar. 17Endi nima qilishingiz kerakligini bilib, oʻylab koʻring, chunki xoʻjayinimiz va butun xonadoni boshiga falokat tayyorlanmoqda. U shunchalik yaramas odamki, unga hech kim gapira olmaydi.”
18Abigayil shosha-pisha ikki yuzta non, ikki mesh sharob, beshta tayyorlangan qoʻy, qariyb oʻttiz besh litr qovurilgan don, bir yuzta mayiz shingili va ikki yuzta anjir kulchasini olib, eshaklarga yukladi. 19U xizmatkorlariga: “Mendan oldinda boringlar, men orqangizdan boraman”, — dedi. Lekin eri Nobolga hech narsa demadi. 20U eshagini minib, togʻning pana soʻqmogʻidan tushib ketar ekan, oʻziga qarab tushib kelayotgan Dovud va uning odamlariga roʻpara keldi.
21Dovud esa shunday deb kelayotgan edi: “Men bu odamning choʻldagi butun mol-mulkini bejizga qoʻriqladim — uning hech narsasi yoʻqolmadi — u esa yaxshiligimga yomonlik bilan javob qaytaryapti. 22Agar men tongga qadar unga tegishli boʻlganlardan bironta erkak zotini tirik qoldirsam, Otamiz Dovudning dushmanlariga buni, hatto bundan ham battarini qilsin!”
23Abigayil Dovudni koʻrishi bilanoq, shosha-pisha eshagidan tushib, uning oldida muk tushib, yerga bosh egdi. 24U Dovudning oyoqlariga yiqilib, shunday dedi: “Ey hazratim, gunoh faqat menga boʻlsin. Iltimos, kanizingizga sizga gapirishiga ruxsat bering; kanizingizning soʻzlarini eshiting. 25Iltimos, hazratim, bu yaramas Nobolga eʼtibor bermang, chunki u oʻz ismiga oʻxshaydi — Nobol degani «Ahmoq» degani, ahmoqlik uning oʻzida. Men, kanizingiz, hazratim yuborgan yigitlarni koʻrmadim. 26Endi, hazratim, barhayot Otamiz nomi bilan va joningiz bilan qasam ichib aytamanki: modomiki Otamiz sizni qon toʻkishdan va oʻz qoʻlingiz bilan oʻch olishdan saqlab qolgan ekan, dushmanlaringiz va hazratimga yomonlik qilmoqchi boʻlganlarning barchasi Nobolga oʻxshab qolsinlar. 27Endi kanizingiz hazratimga olib kelgan bu tortiq hazratimning ortidan yuradigan yigitlarga berilsin. 28Kanizingizning aybini kechiring, chunki Otamiz, albatta, hazratimga mustahkam sulola ato etadi, zero hazratim Otamizning janglarini olib boryapti. Umringiz boʻyi sizda hech qanday yomonlik topilmasin. 29Agar kimdir sizni taʼqib qilish va joningizni olish uchun oʻrnidan tursa, hazratimning joni Otangiz huzurida tiriklar bogʻlamiga mustahkam bogʻlanadi; dushmanlaringizning jonini esa U palaxmon kosasidan otilgandek uloqtirib tashlaydi. 30Otamiz hazratim haqida vaʼda qilgan barcha yaxshilikni hazratim uchun amalga oshirib, sizni Isroil ustidan hukmdor qilganda, 31hazratim behuda qon toʻkkani yoki oʻzi uchun oʻch olgani uchun na qaygʻu, na vijdon azobini his qiladi. Otamiz hazratimga yaxshilik qilganda esa, kanizingizni eslang.”
32Dovud Abigayilga dedi: “Seni bugun men bilan uchrashish uchun yuborgan Otamizga, Isroilning Xudosiga hamdu sanolar boʻlsin! 33Sening aql-idrokingga barakalla, oʻzingga ham barakalla, chunki sen bugun meni qon toʻkishdan va oʻz qoʻlim bilan oʻch olishdan saqlab qolding. 34Meni senga yomonlik qilishdan saqlagan barhayot Otamiz, Isroilning Xudosi nomi bilan qasam ichamanki, agar sen men bilan uchrashishga shoshilmaganingda, tongga qadar Nobolning odamlaridan bironta erkak zoti tirik qolmasdi.”
35Dovud u olib kelgan narsalarni qoʻlidan oldi va unga dedi: “Uyingga tinchlik bilan bor. Mana, men ovozingni eshitdim va iltimosingni qabul qildim.”
36Abigayil Nobolning oldiga kelganda, u oʻz uyida podshohonaga loyiq ziyofat berayotgan edi. Uning koʻngli xush, oʻzi esa juda mast edi, shuning uchun Abigayil tonggacha unga hech narsa demadi. 37Tongda, Nobolning mastligi tarqagach, xotini unga hammasini aytib berdi. Shunda uning yuragi ichida oʻlib qoldi va u toshga oʻxshab qoldi. 38Qariyb oʻn kundan soʻng, Otamiz Nobolni urdi va u oʻldi.
39Dovud Nobolning oʻlganini eshitganda, shunday dedi: “Nobol tufayli chekkan haqoratim uchun daʼvoyimni himoya qilgan va Oʻz qulini yomonlikdan saqlagan Otamizga hamdu sanolar boʻlsin! Otamiz Nobolning yomonligini oʻz boshiga qaytardi.” Soʻngra Dovud Abigayilga xotinlikka oʻtishini soʻrab, odam yubordi.
40Dovudning xizmatkorlari Karmilga, Abigayilning oldiga kelib, unga dedilar: “Dovud seni xotinlikka olish uchun bizni yubordi.”
41U oʻrnidan turib, yerga muk tushib taʼzim qildi va dedi: “Mana kanizingiz, xizmat qilishga va hazratimning xizmatkorlarining oyoqlarini yuvishga tayyor.” 42Abigayil shosha-pisha tayyorlanib, eshagini mindi va besh kanizi bilan birga Dovudning elchilari ortidan ketdi hamda uning xotini boʻldi. 43Dovud Yizreellik Axinoamga ham uylangan edi, shunday qilib ikkalasi ham uning xotinlari edi. 44Shoul esa oʻz qizi, Dovudning xotini Mixalni Gallimlik Layish oʻgʻli Paltiyelga bergan edi.