Iso Zakkayni izlab topadi va qutqaradi
Zakkey daraxtga chiqadi, mezbonlikka taklif qilinadi va bor-budining yarmini beradi. Xo'jayinining puli bilan savdo qilgan xizmatkorlar haqidagi masal Quddusga kirib borishdan oldin keladi. U yerda olomon olqishlaydi, Iso shahar uchun yig'laydi, so'ng savdogarlarni Otasining uyidan haydab chiqaradi.
19 1Iso Erixo shahriga kirib, undan oʻtib borardi. 2U yerda Zakkay ismli bir odam bor edi. U bosh soliqchi boʻlib, boy edi. 3U Isoning kimligini koʻrmoqchi boʻldi, biroq boʻyi past boʻlgani uchun, olomon orasidan Uni koʻra olmadi. 4Iso oʻsha yoʻldan oʻtishi muqarrar boʻlgani uchun, u Uni koʻrish maqsadida oldinga yugurib borib, bir shikamor daraxtiga chiqdi.
5Iso oʻsha yerga yetib kelgach, yuqoriga qarab, unga dedi: “Zakkay, tez pastga tush, chunki bugun Men sening uyingda qolishim kerak.”
6Shunda u tez pastga tushib, Uni quvonch bilan kutib oldi. 7Buni koʻrgan hamma norozi boʻlib: “U gunohkor bir odamnikida qolgani kirib ketdi”, deb gʻudrandi.
8Zakkay oʻrnidan turib, Rabbimizga dedi: “Mana, Hazratim, men mol-mulkimning yarmini kambagʻallarga beraman. Agar birovni aldab, haqini yegan boʻlsam, toʻrt baravar qilib qaytaraman.”
9Iso unga dedi: “Bugun bu uyga najot keldi, chunki bu odam ham Ibrohimning oʻgʻlidir. 10Zero, Inson Oʻgʻli yoʻqolganlarni izlab topish va qutqarish uchun keldi.”
Sodiq xizmatkorlar Shohni kutishadi
11Odamlar bularni tinglab turganda, Iso bir masal aytib berdi, chunki U Quddusga yaqinlashib qolgan va ular Otamizning Shohligi darhol namoyon boʻladi deb oʻylashardi.
12Shunday qilib, U dedi: “Bir asilzoda oʻzi uchun shohlik olib qaytish maqsadida uzoq bir yurtga joʻnabdi. 13Oʻzining oʻnta xizmatkorini chaqirib, har biriga uch oylik ish haqiga teng pul berib: «Men qaytguncha shu pul bilan savdo qilib turinglar», debdi. 14Biroq fuqarolari undan nafratlanib, orqasidan: «Bu odamning ustimizdan hukmronlik qilishini istamaymiz», deb elchilar joʻnatishibdi.
15Oʻsha asilzoda shohlikni qoʻlga kiritib qaytgach, qancha foyda orttirganlarini bilish uchun, pul bergan xizmatkorlarini chaqirtiribdi. 16Birinchisi kelib: «Hazratim, sizning pulingiz oʻn baravar foyda keltirdi», debdi.
17U unga: «Barakalla, yaxshi xizmatkor! Sen kichik bir ishda sodiq boʻlganing uchun, oʻnta shaharga hokim boʻl», debdi.
18Ikkinchisi kelib: «Hazratim, siz bergan pul besh baravar foyda keltirdi», debdi.
19U bunga ham: «Sen ham beshta shaharga hokim boʻlasan», debdi.
20Soʻng boshqa biri kelib: «Hazratim, mana sizning pulingiz; men uni roʻmolchaga oʻrab saqlab qoʻygan edim. 21Chunki men sizdan qoʻrqardim, zero siz qattiqqoʻl odamsiz: qoʻymagan narsangizni olasiz, ekmaganingizni oʻrasiz», debdi.
22U esa javob beribdi: «Ey yaramas xizmatkor, seni oʻz gaping bilan hukm qilaman! Men qoʻymaganimni oladigan, ekmaganimni oʻradigan qattiqqoʻl odam ekanligimni bilarmiding? 23Unda nega pulimni bankka qoʻymading? Men qaytib kelganimda, uni foizi bilan olardim». 24Keyin u yonida turganlarga: «Pulni undan olib, oʻn baravar koʻpaytirgan kishiga beringlar», debdi.
25Ular unga: «Hazratim, uning oʻn baravar puli bor-ku!» deyishibdi. 26U esa: «Sizlarga aytamanki, kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi; kimning hech narsasi boʻlmasa, bori ham tortib olinadi. 27Mening hukmronligimni istamagan ana oʻsha dushmanlarimni esa bu yerga keltirib, koʻz oʻngimda qatl etinglar!», debdi.”
Oʻgʻil Quddusga Shoh sifatida kiradi
28Iso bularni aytib boʻlgach, Quddus tomon koʻtarilib, oldinda yurib ketdi.
29Zaytun togʻi yonidagi Baytfagʻiya va Baytaniyaga yaqinlashganda, U shogirdlardan ikkitasini yuborib, 30ularga dedi: “Roʻparangizdagi qishloqqa boringlar. Unga kirishingiz bilan, hali hech kim minmagan, bogʻlab qoʻyilgan bir xoʻtikni koʻrasizlar. Uni yechib, bu yerga olib kelinglar. 31Agar kimdir sizlardan: «Nega uni yechyapsizlar?» deb soʻrasa, «U Rabbimizga kerak», denglar.”
32Yuborilganlar borib, hammasini Iso ularga aytganidek topishdi. 33Ular xoʻtikni yechayotganda, egalari ulardan soʻrashdi: “Nega xoʻtikni yechyapsizlar?” 34Ular: “U Rabbimizga kerak”, deb javob berishdi. 35Ular xoʻtikni Isoning oldiga olib kelib, ustiga choponlarini tashlashdi-da, Isoni unga mindirishdi. 36U ketayotganda, odamlar yoʻlga choponlarini toʻshashardi. 37U Zaytun togʻidan tushish joyiga yaqinlashganda, butun shogirdlar olomoni oʻzlari koʻrgan barcha qudratli ishlar uchun quvonib, Otamizni baland ovozda ulugʻlay boshlashdi, 38ular: “Otamizning nomi bilan kelayotgan Shohga olqishlar boʻlsin! Osmonda tinchlik, eng yuksaklikda shon-sharaf boʻlsin!” deyishardi.
39Olomon ichidagi baʼzi farziylar Unga dedi: “Ustoz, shogirdlaringizga tanbeh bering.”
40Iso javob berdi: “Sizlarga aytamanki, agar bular jim boʻlsa, toshlarning oʻzi qichqirib yuborardi.”
41Shaharga yaqin kelib, uni koʻrgach, Iso u uchun yigʻladi.
42U dedi: “Qaniydi, sen ham shu kuni oʻzingga tinchlik keltiradigan narsalarni bilsang edi! Ammo endi bu koʻzlaringdan yashirindir. 43Shunday kunlar keladiki, dushmanlaring atrofingga istehkom qurib, seni oʻrab olishadi va har tomondan qisib qoʻyishadi, 44seni va devorlaring ichidagi bolalaringni yer bilan yakson qilishadi, birorta toshni ham boshqasining ustida qoldirishmaydi, chunki sen senga tashrif buyurilgan vaqtni tanimading.” a a v44 «Senga tashrif buyurilgan vaqt» — bu Xudoning Iso timsolida Quddusga kelgan vaqtidir.
Iso Otasining uyini poklaydi
45Iso maʼbadga kirib, u yerda savdo qilayotganlarni haydab chiqara boshladi,
46va ularga dedi: “Muqaddas Bitikda: «Mening uyim ibodat uyi boʻladi», deb yozilgan, sizlar esa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar.”
47Iso har kuni maʼbadda taʼlim berardi. Oliy ruhoniylar, din ulamolari va xalq boshliqlari esa Uni oʻldirishning yoʻlini qidirishardi, 48biroq ular hech narsa qila olishmasdi, chunki butun xalq Uning har bir soʻzini berilib tinglardi.