Manashe Yahudoni Otadan uzoqlashtiradi
Manashe hammasini barbod qiladi: sajdagohlarni qayta quradi, maʼbad ichida samo qoʻshiniga qurbongohlar oʻrnatadi, oʻz oʻgʻlini olovda yoqadi, folbinlarga murojaat qiladi, Quddusni begunoh qon bilan toʻldiradi. Otamiz shaharni laganni artgandek artib tashlashini aytadi. Omon otasining yoʻlini davom ettiradi va oʻz saroyida oʻldiriladi.
21 1Manashe oʻn ikki yoshida shoh boʻldi va Quddusda ellik besh yil hukmronlik qildi. Uning onasi Hefsiba edi. 2U Isroil xalqi oldidan Otamiz quvib chiqargan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashib, Otamiz nazarida yovuzlik qildi. 3U otasi Hizqiyo vayron qilgan sajdagohlarni qaytadan qurdi, Baalga atab qurbongohlar yasadi, Isroil shohi Axab qilganidek Ashera ustunini oʻrnatdi, butun samo qoʻshiniga sajda qilib, ularga xizmat qildi.
4U Otamizning uyida qurbongohlar qurdi. Bu uy haqida Otamiz: “Quddusga Oʻz nomimni qoʻyaman”, — degan edi.
5U Otamizning uyining har ikki hovlisida butun samo qoʻshiniga atab qurbongohlar qurdi. 6U oʻz oʻgʻlini olovda qurbon qildi, sehrgarlik va folbinlik bilan shugʻullandi, arvohlarni chaqiruvchilar hamda ruhlar bilan maslahatlashuvchilarga murojaat qildi. U Otamiz nazarida koʻp yovuzlik qilib, Uni gʻazablantirdi.
7U oʻzi yasagan oʻymakor Ashera butini Otamiz Dovud va uning oʻgʻli Sulaymonga aytgan uyga oʻrnatdi. Otamiz shunday degan edi: “Men Isroilning barcha qabilalaridan tanlab olgan bu uyga va Quddusga Oʻz nomimni abadiy qoʻyaman. 8Agar ular Men buyurgan hamma narsaga diqqat bilan itoat etib, xizmatkorim Muso ularga bergan butun Qonunga amal qilsalar, Men Isroilni ota-bobolariga bergan yurtdan qaytadan sargardon qilmayman.”
9Lekin ular quloq solmadilar. Manashe ularni yoʻldan ozdirdi, shuning uchun ular Otamiz Isroil xalqi oldidan yoʻq qilgan xalqlardan ham koʻproq yovuzlik qildilar.
10Shunda Otamiz Oʻz xizmatkorlari — paygʻambarlar orqali shunday dedi:
11“Yahudo shohi Manashe oʻzidan avvalgi barcha amoriylardan ham battar bu jirkanch ishlarni qilib, oʻz butlari bilan Yahudoni ham gunohga botirgani uchun, 12Isroilning Xudosi boʻlgan Otamiz shunday demoqda: Men Quddus va Yahudo ustiga shunday ofat keltiramanki, buni eshitgan har bir kishining ikki qulogʻi ham jaranglab ketadi.
13“Men Quddus ustiga Samariyaning oʻlchov ipini va Axab xonadonining shoqul ipini tortaman. Laganni artib, agʻdarib tashlagandek, Men Quddusni ham artib tashlayman. 14Men merosimning qolganini tashlab, ularni dushmanlari qoʻliga topshiraman. Ular barcha gʻanimlariga oʻlja va talon-taroj boʻladilar, 15chunki ular ota-bobolari Misrdan chiqqan kundan buyon shu kungacha Mening nazarimda yovuzlik qilib, Meni gʻazablantirib keldilar.”
16Manashe shu qadar koʻp begunoh qon toʻkdiki, Quddusni bir chetidan boshqa chetigacha toʻldirdi. Bundan tashqari, u Otamiz nazarida yovuzlik qilib, Yahudoni gunohga botirgan edi.
17Manashening qolgan ishlari, u qilgan hamma narsa va sodir etgan gunohi — bularning hammasi Yahudo shohlari yilnomalari kitobida yozilmaganmi? 18Manashe ota-bobolari qatoriga qoʻshilib, saroyining bogʻida, Uzzo bogʻida dafn etildi. Uning oʻrniga oʻgʻli Omon shoh boʻldi.
Omon shoh boʻlib, Otani tark etadi
19Omon yigirma ikki yoshida shoh boʻldi va Quddusda ikki yil hukmronlik qildi. Uning onasi Yotbalik Xorusning qizi Meshullemet edi. 20U otasi Manashe qilganidek, Otamiz nazarida yovuzlik qildi. 21U otasining barcha yoʻllariga ergashib, otasi xizmat qilgan butlarga xizmat qildi va sajda qildi. 22U ota-bobolarining Xudosi boʻlgan Otamizni tark etdi va Otamizning yoʻlidan yurmadi. 23Omonning amaldorlari unga qarshi fitna uyushtirib, shohni oʻz saroyida oʻldirdilar. 24Lekin yurt xalqi Omon shohga qarshi fitna uyushtirganlarning hammasini oʻldirdi va uning oʻrniga oʻgʻli Yoshiyoni shoh qildi. 25Omonning qolgan ishlari — bularning hammasi Yahudo shohlari yilnomalari kitobida yozilmaganmi? 26U Uzzo bogʻidagi oʻz qabriga dafn etildi va uning oʻrniga oʻgʻli Yoshiyo shoh boʻldi.