Ota Hizqiyoning iltijosini eshitib, unga shifo beradi
Uyingni tartibga sol, deb aytilgan Hizqiyo yuzini devorga burib, Otasidan oʻzi qanday yurganini yodga olishini soʻraydi. Umriga oʻn besh yil qoʻshiladi, bunga dalil sifatida soya orqaga qaytadi. Soʻng u Bobil elchilariga bor xazinasini koʻrsatadi va hammasi oʻsha yerga olib ketilishini eshitadi.
20 1Oʻsha kunlarda Hizqiyo kasal boʻlib, oʻlim toʻshagida yotardi. Omoʻz oʻgʻli Ishayo paygʻambar uning oldiga kelib, dedi: “Otamiz shunday aytmoqda: Uy-roʻzgʻoringni tartibga keltir, chunki sen tirik qolmaysan, oʻlasan.”
2Shunda Hizqiyo yuzini devor tomon oʻgirib, Otamizga iltijo qildi: 3“Ey Ota, Sening huzuringda sodiqlik bilan, butun qalbim bilan yurganimni, nazaringda yaxshi boʻlgan ishlarni qilganimni esla.” Shundan soʻng Hizqiyo achchiq-achchiq yigʻladi.
4Ishayo hali oʻrta hovlidan chiqib ulgurmay, unga Otamizning kalomi nozil boʻldi:
5“Ortga qaytib, xalqimning yoʻlboshchisi Hizqiyoga ayt: Sening otang Dovudning Xudosi boʻlmish Otang shunday aytmoqda: Men sening duoingni eshitdim, koʻz yoshlaringni koʻrdim. Men senga shifo beraman. Uchinchi kuni Mening uyimga koʻtarilasan. 6Men umringga oʻn besh yil qoʻshaman, seni va bu shaharni Ossuriya podshosining changalidan qutqaraman hamda bu shaharni Oʻzim uchun va qulim Dovud uchun himoya qilaman.”
7Ishayo: “Anjir bosmasini keltiringlar,” — dedi. Ular keltirib, chipqonga qoʻyishdi, Hizqiyo esa tuzaldi.
8Hizqiyo Ishayodan soʻradi: “Otamiz menga shifo berib, uchinchi kuni Otamizning uyiga koʻtarilishimga qanday alomat boʻladi?”
9Ishayo dedi: “Otamizning Oʻz vaʼdasini bajarishiga Otamizdan senga shunday alomat boʻladi: soya oʻn pogʻona oldinga yursinmi yoki oʻn pogʻona orqaga qaytsinmi?”
10Hizqiyo javob berdi: “Soyaning oʻn pogʻona uzayishi oson; yoʻq, u oʻn pogʻona orqaga qaytsin.”
11Shunda Ishayo paygʻambar Otamizga iltijo qildi, Otamiz esa Ohaz zinapoyasida tushgan soyani oʻn pogʻona orqaga qaytardi.
Hizqiyo Bobil elchilarini qabul qiladi
12Oʻsha paytda Bobil podshosi, Baladan oʻgʻli Berodax-baladan Hizqiyoning kasal boʻlganini eshitib, unga maktublar va sovgʻa yubordi. 13Hizqiyo ularni qabul qilib, butun xazinasini koʻrsatdi: kumush, oltin, xushboʻy ziravorlar, nafis moy, barcha qurol-aslahalari va omborxonalaridagi hamma narsani koʻrsatdi. Saroyida ham, butun mamlakatida ham Hizqiyo ularga koʻrsatmagan birorta narsa qolmadi.
14Ishayo paygʻambar Hizqiyo podsho oldiga kelib soʻradi: “Bu odamlar nima deyishdi va qayerdan kelishdi?” “Uzoq bir yurtdan, Bobildan,” — dedi Hizqiyo.
15“Saroyingda ular nimalarni koʻrdilar?” — soʻradi Ishayo. “Saroyimdagi hamma narsani,” — javob berdi Hizqiyo. “Xazinalarimda ularga koʻrsatmagan birorta narsa yoʻq.”
16Shunda Ishayo Hizqiyoga dedi: “Otamizning kalomini eshit:
17Shunday kunlar keladiki, saroyingdagi hamma narsa, ota-bobolaring shu kungacha toʻplagan bari Bobilga olib ketiladi. Hech narsa qolmaydi, deydi Otamiz. 18Oʻz oʻgʻillaringdan, naslingdan baʼzilari olib ketilib, Bobil podshosining saroyida xizmatkor amaldorlar boʻlib xizmat qiladilar.”
19“Sen aytgan Otamizning kalomi yaxshidir,” — dedi Hizqiyo. Chunki u ichida: “Hartugul mening kunlarimda tinchlik va osoyishtalik boʻlar,” deb oʻyladi.
20Hizqiyoning qolgan ishlari, butun qudrati, shaharga suv keltirish uchun hovuz va suv yoʻlini qanday qurdirgani — bularning bari Yahudo podsholarining solnomalarida yozilgan emasmi? 21Soʻngra Hizqiyo ota-bobolari qatoriga qoʻshilib, dunyodan oʻtdi va oʻrniga oʻgʻli Manashe podsho boʻldi.