Oso Otadan koʻra Oromni tanlaydi
Baasho bilan to'qnashganda Oso Otasidan so'rash o'rniga ma'bad kumushi evaziga Oromning yordamini sotib oladi. Xanani unga Otamizning ko'zlari butun yer yuzini kezib, O'ziga butunlay sadoqatli yuraklarni izlashini aytadi. Oso bashoratchini zindonga tashlaydi, keyinroq esa kasal oyoqlari uchun Undan emas, tabiblardan yordam izlaydi.
16 1Oso hukmronligining oʻttiz oltinchi yilida Isroil podshosi Baasho Yahudoga bostirib kirdi. U Yahudo podshosi Osoning yurtidan hech kim chiqmasin va unga hech kim kirmasin deb, Ramax shahrini mustahkamladi. 2Oso Otamizning uyi va shoh saroyining xazinalaridan kumush va oltin olib, Damashqda yashaydigan Orom podshosi Benhadadga yubordi hamda unga shunday xabar yoʻlladi: 3“Otam bilan otangiz oʻrtasida ittifoq boʻlgani kabi, men bilan sizning oʻrtamizda ham ittifoq boʻlsin. Mana, men sizga kumush va oltin yubordim. Endi boring, Isroil podshosi Baasho bilan tuzgan ittifoqingizni buzing, toki u mendan chekinsin.”
4Benhadad Oso podshoning taklifiga rozi boʻlib, Isroil shaharlariga qarshi oʻz lashkarboshilarini yubordi. Ular Iyon, Dan, Abel-Mayim va Naftalining barcha ombor shaharlarini vayron qildilar. 5Baasho buni eshitgach, Ramaxni mustahkamlashni toʻxtatib, ishini tark etdi. 6Oso podsho butun Yahudoni toʻpladi. Ular Baasho Ramaxni mustahkamlagan tosh va yogʻochlarni olib ketdilar. Oso ular bilan Geba va Mispa shaharlarini mustahkamladi.
7Shunda bashoratchi Xanani Yahudo podshosi Osoning oldiga kelib, unga dedi: “Siz Otangizga emas, balki Orom podshosiga suyanganingiz uchun, uning lashkari qoʻlingizdan qutulib ketdi. 8Kushliklar va liviyaliklar sanoqsiz jang aravalari hamda otliqlari bilan ulkan lashkar emasmidi? Siz Otangizga suyanganingiz uchun, U ularni qoʻlingizga berdi. 9Chunki Otamizning koʻzlari butun yer yuzini kuzatib turadi, toki qalbi Oʻziga butkul bagʻishlangan kishilarga kuch bersin. Siz bunda ahmoqlik qildingiz. Shuning uchun bundan buyon urushlar koʻrasiz.”
10Oso bu gap uchun bashoratchiga gʻazablanib, uni kishanlab zindonga tashladi, chunki bu masalada undan qattiq dargʻazab edi. Oʻsha paytda u yana baʼzi kishilarni shafqatsizlarcha ezdi.
11Osoning avvaldan oxirigacha qilgan ishlari Yahudo va Isroil podsholarining kitobida yozilgandir. 12Oso hukmronligining oʻttiz toʻqqizinchi yilida oyoqlari kasallandi va bu kasallik ogʻir edi. Lekin u kasalligida ham Otamizdan emas, faqat tabiblardan madad soʻradi. 13Soʻngra Oso hukmronligining qirq birinchi yilida vafot etib, ota-bobolari qatoriga qoʻshildi. 14Uni Dovud shahrida oʻzi uchun oʻydirgan maqbaraga dafn etdilar. Uni xushboʻy ziravorlar va mohir attorlar tayyorlagan turli xil aralash atirlar bilan qoplangan tobutga yotqizdilar hamda uning sharafiga katta olov yoqdilar. a a v14 Bu katta olov podsho sharafiga xushboʻy ziravorlarni yondirdi; bu Isroilda odat boʻlmagan, jasadni kuydirish marosimi emas edi.