Hamdu sano aytmoq naqadar yaxshi
Otamiz yulduzlarni sanaydi, har birini nomi bilan ataydi, shu bilan birga yuragi singanlarning yarasini bogʻlaydi; U qor va doʻl yuboradi, soʻng ularni eritadigan soʻzini yuboradi. Uni quvontiradigan narsa ot kuchi yoki inson quvvati emas, balki Uning sevgisiga umid bogʻlagan odamlardir.
147 1Halleluya! Otamizga hamdu sano aytish naqadar yaxshi; Uni ulugʻlash naqadar yoqimli va munosib.
2Otamiz Quddusni quradi; U Isroilning tarqalib ketgan xalqini toʻplaydi. 3U dili siniqlarni davolaydi, ularning yaralarini bogʻlaydi. 4U yulduzlarni sanaydi; har birini nomi bilan chaqiradi. 5Hukmron Otamiz ulugʻdir, qudrati zoʻrdir; Uning idroki behaddir. 6Otamiz kamtarlarni yuksaltiradi; fosiqlarni yerga uloqtiradi.
7Otamizga shukronalar bilan kuylang; Unga lirada kuy chaling. 8U osmonni bulutlar bilan qoplaydi; yerga yomgʻir yogʻdiradi; tepaliklarda oʻt-oʻlan undiradi. 9U hayvonlarga ozigʻini beradi, nola qilgan yosh qargʻalarga ham. 10Uning quvonchi otning kuchida emas, xursandligi odamning oyoqlarida ham emas. 11Otamizning qalbi Undan qoʻrqadiganlardan, Uning ahd sevgisiga umid bogʻlaganlardan quvonadi.
12Otamizni ulugʻla, ey Quddus! Otangni ulugʻla, ey Sion! 13Chunki U darvozalaring tambalarini mustahkamlaydi; devorlaring ichidagi bolalaringni duo qiladi. 14U hududlaringga tinchlik keltiradi; seni eng yaxshi bugʻdoy bilan toʻyintiradi. 15U yer yuziga amrini yuboradi; Uning kalomi tez yuguradi. 16U junday qor beradi; kulday qirovni sochadi. 17U doʻlini nonushoqday otadi; Uning sovugʻiga kim dosh bera oladi? 18U kalomini yuboradi va muzni eritadi; shamolini qoʻzgʻatadi, suvlar oqadi. 19U kalomini Yoqubga, qonun-qoidalari va hukmlarini Isroilga bayon qiladi. 20U buni boshqa hech bir xalq uchun qilmagan; ular Uning hukmlarini bilmaydilar. Halleluya!