Vayron boʻlgan Quddus
Asaf zaburi.
Quddus vayronaga aylangan, jasadlar ko'milmay qushlarga yem bo'lgan, qo'shnilar esa bundan zavqlanmoqda. Ibodat Otamizdan bir nafasda ham kechirim, ham qasos so'raydi va uning dalili ochiq-oydin: xalqlar ularning Xudosi qayoqqa ketdi, deb so'rashmoqda.
79 1Otamiz, xalqlar merosingga bostirib kirdilar; muqaddas maʼbadingni bulgʻadilar; Quddusni vayronaga aylantirdilar.
2Qullaringning jasadlarini osmon qushlariga yem qilib, sodiq bandalaringning tanasini yer hayvonlariga berdilar. 3Butun Quddus atrofida qonlarini suvdek toʻkdilar, ularni koʻmadigan hech kim yoʻq edi. 4Qoʻshnilarimizga kulgi boʻldik, atrofimizdagilar bizni mazax qilib, masxara qildilar.
5Qachongacha, Otamiz? Abadiy gʻazablanaverasanmi? Rashking olovdek yonaveradimi? 6Seni tanimaydigan xalqlar ustiga, nomingni chaqirmaydigan shohliklar ustiga qahringni toʻk. 7Chunki ular Yoqubni yeb bitirdilar, uning yurtini vayron qildilar. 8Ota-bobolarimizning gunohlarini bizga hisoblama; mushfiq rahming tezda bizni qarshi olsin, chunki biz juda tuban holga tushdik.
9Bizga yordam ber, ey bizni qutqaradigan Otamiz, noming shuhrati uchun; bizni qutqar, gunohlarimizni yop, noming haqqi-hurmati uchun. 10Nega xalqlar: “Ularning Xudosi qani?” — deyishsin? Koʻz oʻngimizda, xalqlar orasida qullaringning toʻkilgan qoni uchun qasos olishing ayon boʻlsin. 11Mahbusning nolasi huzuringga yetib kelsin; bilagingning ulugʻligi bilan oʻlimga mahkum etilganlarni saqlab qol.
12Qoʻshnilarimizga, ular Seni masxara qilgani uchun, qoʻyniga yetti barobar qilib qaytargin, ey Hukmron Ota. 13Shunda biz — Sening xalqing, yaylovingdagi qoʻylaring — Senga abadiy shukur aytamiz; avloddan-avlodga Sening hamdingni eʼlon qilamiz.