Kalom erkin yoyilishi uchun ibodat qilinglar
Pavlus kalom tez tarqalishi uchun ibodat qilishlarini so'raydi, so'ng bir muammoga o'tadi. Jamoatdagi ba'zilar ishni tashlab, boshqalar hisobiga yashovchi bekorchi g'iybatchilarga aylanishgan. U o'zining kechayu kunduz qilgan mehnatini misol qilib ko'rsatadi. Bunday odamni belgilab qo'ying, u bilan aralashmang. Lekin uni dushman deb emas, birodar deb ogohlantiring.
3 1Nihoyat, birodarlar, biz uchun ibodat qilinglar: Rabbimiz Isoning kalomi, xuddi sizlarning oranglarda boʻlgani kabi, tez yoyilib, ulugʻlansin, 2va biz buzuq hamda yovuz odamlardan xalos boʻlaylik; chunki hamma ham imonli emas. 3Lekin Rabbimiz sodiqdir. U sizlarni mustahkamlaydi va yovuz zotdan saqlaydi. 4Biz buyurgan narsalarni qilayotganingizga va bundan keyin ham qilaveradiganingizga Rabbimizda ishonchimiz komil. 5Rabbimiz yuraklaringizni Otamizning sevgisiga va Masihning sabr-toqatiga yoʻnaltirsin.
Bekorchilikka qarshi ogohlantirish
6Birodarlar, Rabbimiz Iso Masihning nomi bilan sizlarga buyuramiz: bizdan olgan anʼanaga zid ravishda bekorchilikda yashayotgan har bir birodardan uzoq turinglar. 7Bizdan oʻrnak olishingiz kerakligini oʻzlaringiz bilasizlar, chunki biz sizlarning oranglarda bekor oʻtirmadik. 8Biz hech kimning nonini tekin yemadik. Aksincha, hech biringizga ogʻirligimiz tushmasligi uchun kecha-yu kunduz mashaqqat va zahmat bilan ishladik. 9Buni biz haqqimiz yoʻqligidan qilganimiz yoʻq, balki sizlar bizdan oʻrnak olishingiz uchun oʻzimizni namuna qildik. 10Biz sizlar bilan birga boʻlganimizda ham, sizlarga shuni buyurgandik: kim ishlashni istamasa, u nonni ham yemasin. 11Chunki oranglarda baʼzilar bekorchilikda yashayotganini eshityapmiz; ular ish bilan emas, balki oʻzgalarning ishiga aralashish bilan band. 12Bunday odamlarga Rabbimiz Iso Masihda buyuramiz va nasihat qilamiz: tinchgina ishlab, oʻz nonlarini yesinlar. 13Sizlar esa, birodarlar, ezgulik qilishdan charchamanglar. 14Agar kimdir bu maktubdagi soʻzimizga itoat qilmasa, uni belgilab qoʻyinglar va u uyalishi uchun u bilan aralashmanglar. 15Lekin uni dushman deb bilmanglar, balki birodar sifatida ogohlantiringlar.
Tinchlik, salom va inoyat
16Tinchlik Rabbisining Oʻzi sizlarga har doim, har jihatdan tinchlik ato qilsin. Rabbimiz hammangiz bilan birga boʻlsin.
17Men, Pavlus, bu salomni oʻz qoʻlim bilan yozyapman. Bu — mendan kelgan har bir maktub haqiqiy ekanligining belgisi; men mana shunday yozaman. 18Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangiz bilan birga boʻlsin.