Ishoq Yoqubni yana duo qiladi
Xotin topish uchun joʻnatilgan Yoqub ochiq joyda boshini toshga qoʻyib uxlaydi va tushida farishtalar bilan toʻla narvonni koʻradi. Otamiz Ibrohimga bergan vaʼdasini bu qochoqqa takrorlaydi va uni uyiga qaytarishni vaʼda qiladi. Yoqub qoʻrquv bilan uygʻonadi va savdolashadi.
28 1Shunda Ishoq Yoqubni chaqirib, uni duo qildi va unga amr qilib dedi: “Kanon qizlaridan oʻzingga xotin olma. 2Paddan-Aramga, onangning otasi Batuilning uyiga borib, oʻzingga u yerdan onangning akasi Lobonning qizlaridan xotin ol. 3El-Shadday — Qodir Otang seni duo qilsin, seni serpusht qilib, koʻpaytirsin, toki sen koʻp xalqlar jamoasiga aylangin. 4U senga va sen bilan birga naslingga Ibrohimning duosini bersin, toki sen musofir boʻlib yashayotgan — Otamiz Ibrohimga bergan yurtni meros qilib olgin.”
5Ishoq Yoqubni joʻnatdi. U Paddan-Aramga, oromiy Batuilning oʻgʻli, Yoqub bilan Esovning onasi Rivqoning akasi Lobonning oldiga bordi.
6Esov bilib oldiki, Ishoq Yoqubni duo qilib, unga u yerdan xotin olish uchun uni Paddan-Aramga joʻnatibdi va uni duo qilar ekan, unga: “Kanonlik ayollardan xotin olma”, deb amr qilibdi; 7Yoqub esa otasi bilan onasiga itoat qilib, Paddan-Aramga ketibdi. 8Shunda Esov Kanon qizlari otasi Ishoqqa yoqmasligini koʻrdi. 9Shuning uchun Esov Ismoilning oldiga borib, oldingi xotinlaridan tashqari, Ibrohimning oʻgʻli Ismoilning qizi, Nabayotning singlisi Mahalatni xotinlikka oldi.
Horonga olib boradigan yoʻl
10Yoqub Beer-Shevadan chiqib, Horon tomon yoʻlga tushdi. 11U bir joyga yetib, oʻsha yerda tunab qoldi, chunki quyosh botgan edi. U oʻsha joydagi toshlardan birini olib, boshi ostiga qoʻydi va uxlash uchun oʻsha yerda yotdi. 12U tush koʻrdi: mana, yer ustiga oʻrnatilgan bir narvon turar, uning uchi osmonga yetar va undan Otamizning farishtalari koʻtarilib, tushib turar edi. a a v12 Iso Oʻzini mana shu narvon — yer bilan osmon oʻrtasidagi bogʻlovchi, biz Uning orqali Otamizning oldiga boradigan Zot deb taniydi (Yuhanno 1:51).
13Uning tepasida esa Otamiz turardi. U dedi: “Men sening Otangman, otang Ibrohimning Xudosi va Ishoqning Xudosiman. Sen yotgan yerni senga va naslingga beraman. 14Nasling yer tuprogʻidek koʻp boʻladi. Sen gʻarbu sharqqa, shimolu janubga yoyilasan. Sen orqali va nasling orqali yer yuzidagi barcha urugʻlar baraka topadi. 15Shuni bilki, Men sen bilanman. Qayerga borsang, seni asrayman va seni mana shu yurtga qaytarib olib kelaman. Senga vaʼda qilganimni bajo keltirmagunimcha, seni tashlab ketmayman.”
16Yoqub uyqusidan uygʻonib dedi: “Darhaqiqat, Otamiz shu yerda ekan-u, men buni bilmabman!” 17U qoʻrqib ketib dedi: “Bu joy naqadar ulugʻvor! Bu Otamizning uyidan boshqa joy emas, bu osmonning darvozasidir.”
18Yoqub erta tongda turib, boshi ostiga qoʻygan toshni olib, uni ustun qilib oʻrnatdi va uning ustiga moy quydi. 19U oʻsha joyni Baytil deb atadi, garchi shaharning avvalgi nomi Luz boʻlgan edi. b b v19 Baytil “Xudoning uyi” degan maʼnoni bildiradi; shaharning avvalgi nomi Luz edi. 20Yoqub ont ichib dedi: “Agar Xudo men bilan boʻlsa, ketayotgan bu yoʻlimda meni asrasa, yeyishga non va kiyishga kiyim bersa, 21men otamning uyiga eson-omon qaytib kelsam, u holda Otamiz mening Otam boʻladi, 22ustun qilib oʻrnatgan bu tosh esa Otamizning uyi boʻladi va menga berganlaringning hammasidan, albatta, Senga oʻndan bir ulushini keltiraman.”